Eron bilan urush atrofidagi noaniqlik fonida Yevropada gaz narxlari oshdi
10-noyabr holatiga koʻra, Yevropadagi gaz omborlari 72 foizga toʻldirilgan — bu soʻnggi besh yildagi oʻrtacha koʻrsatkichdan past

Chorshanba kuni Niderlandiyaning Amsterdam shahrida Yevropa bozorining indikatori hisoblangan Title Transfer Facility (TTF) platformasida gaz boʻyicha eng yaqin muddatli shartnoma narxi soat 9:30 ga kelib 2,7 foizga oshdi va 1 MVt·soat uchun 87 yevrodan yuqori boʻldi.
Kotirovkalar hafta boshida qayd etilgan bir oylik minimumdan keyin tiklana boshladi. Oʻshanda AQSh prezidenti Donald Trampning Eronga yangi hujum hozircha rejalashtirilmayotgani haqidagi signallaridan keyin neft va gaz bozorlari keskin pasaydi. Shu bilan birga, Tramp zarurat tugʻilsa, AQSh harbiy kampaniyaga tayyorligini aytdi.
Chorshanba kuni treyderlar AQSh va Eron oʻrtasida tinchlik kelishuviga erishilishiga kamroq umid qila boshladi. Bozor kayfiyatiga Hormuz boʻgʻozida tankerlar hujumga uchrayotgani ham taʼsir koʻrsatdi: neft ortidan Yevropada gaz ham qimmatlashdi.
Amaldagi narx oktabr oxirida qayd etilgan toʻrt yildan ortiq davrdagi maksimumdan pastligicha qolmoqda. Shu bilan birga, Hormuz boʻgʻozi orqali suyultirilgan tabiiy gaz yetkazib berish hajmi hanuz urushdan oldingi darajadan ancha past. QatarEnergy yetkazib berish boʻyicha fors-major holatini kamida 2026-yil dekabr oyi oxirigacha uzaytirdi.
10-noyabr holatiga koʻra, Yevropadagi gaz omborlari 72 foizga toʻldirilgan — bu isitish mavsumi boshlanishi uchun soʻnggi besh yildagi oʻrtacha koʻrsatkichdan past. Isitish davri boshlanib, harorat pasayishi bilan Yevropa Ittifoqining aksariyat mamlakatlarida zaxiralar qisqara boshladi.
Xalqaro energetika agentligi jahon gaz bozori kelasi yilda ham tarangligicha qolishi mumkinligidan ogohlantirdi. Agentlik bahosiga koʻra, Yevropa isitish mavsumini oʻn yildan ortiq vaqt ichidagi eng kam gaz zaxiralari bilan boshlamoqda.
Yana oʻqing

Varshavadagi «mustaqillik marshi»ga 250 000 kishi yigʻildi, yurishga Navrotskiy ham qoʻshildi
Siyosat12-noyabr, 14:44
FT: YI Rossiya bilan raketalarni joylashtirishni cheklash boʻyicha muzokaralarga yoʻl qoʻyishi mumkin
Siyosat11-noyabr, 16:15
