Liviya noqonuniy guruh harakatlari tufayli kuniga 365 ming barrel neftdan ayrilmoqda
Liviya Milliy neft korporatsiyasi (NOC) maʼlum qilishicha, ikki neft quvurining toʻsib qoʻyilishi mamlakatda neft qazib olishdagi yoʻqotishlarni kuniga taxminan 365 000 barrelga yetkazgan.

NOC maʼlum qilishicha, Sharara konidan chiqadigan quvurdagi klapanning yopilishi ushbu kondagi qazib olish hajmini kuniga taxminan 350 000 barrelga kamaytiradi. Kondan Akakus Oil Operations Company foydalanadi.
Bu holat Hamada quvurining ikki haftadan ortiq vaqt davom etayotgan toʻxtatilishi fonida yuz berdi. Bu toʻxtash allaqachon kuniga qariyb 15 000 barrel yoʻqotishga olib kelgan. NOC quvurning toʻsib qoʻyilishini noqonuniy guruh tashkil qilganini bildirdi va Liviya iqtisodiyotiga zarar yetkazayotgan harakatlarni qoraladi.
Korporatsiya Neft obyektlarini qoʻriqlash kuchlari va tegishli davlat organlarini infratuzilmani himoya qilishga, yangi uzilishlarning oldini olishga hamda ikkala quvurni qayta ochishni tezlashtirishga chaqirdi. NOC, shuningdek, masʼullarga qarshi huquqiy choralar koʻrmoqchi. Bayonotda yoʻqotishlar jahon neft narxlari oshib borayotgan va mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat murakkab boʻlib turgan bir paytda yuz berayotgani qayd etilgan.



