YI davlatlarining barchasi mudofaa budjetini 232 foizga oshirishga rozi emas
Bryusseldagi sammitda budjet boʻyicha kelishuvga erishilmadi; taqdim etilgan loyiha raqobatbardoshlikni moliyalashtirishni 120 foizga, mudofaani esa 232 foizga oshirishni nazarda tutadi

Yevropa Ittifoqi davlatlari yetakchilari ittifoqning 2028–2034-yillarga moʻljallangan uzoq muddatli budjeti boʻyicha kelisha olmadi. Germaniya kansleri Fridrix Mertsning aytishicha, muzokaralarning yangi raundi 17–18-dekabr kunlari boʻlib oʻtadi.
Merts ishtirokchilar avval taklif qilingan xarajatlar hajmini qisqartirish yoʻlida yangi siljishga erishganini maʼlum qildi.
Yevropa Kengashi rahbari Antoniu Koshta kelishuv loyihasini 21-noyabr kuni taqdim etdi. Unda raqobatbardoshlik, xavfsizlik, mudofaa va tashqi siyosiy faoliyatni moliyalashtirishni amaldagi yoʻnalishlar, jumladan, umumiy qishloq xoʻjaligi siyosati va jipslashuv siyosati bilan muvozanatlashtirish nazarda tutilgan. Shuningdek, migratsiyani boshqarish va chegaralarni nazorat qilish uchun mablagʻlarni ikki baravar oshirish, Yevropa manfaatlarini dunyoda ilgari surishni moliyalashtirishni esa 23 foizga koʻpaytirish taklif etilmoqda.
Budjetni toʻldirish uchun yangi oʻz mablagʻlari manbalaridan, jumladan, raqamli xizmatlar, qayta ishlanmaydigan elektron chiqindilar va tamaki mahsulotlaridan tushadigan mablagʻlardan foydalanish rejalashtirilmoqda. Yevropa OAV qayd etganidek, YI davlatlari ikki guruhga boʻlingan: ayrimlari xarajatlarni qisqartirishni talab qilmoqda, boshqalari esa tejamkorlikni zarur deb hisoblamayapti.



