Jahon matbuoti tarjimadaJuma, 27-noyabr 2026-yil
Sport

Shaxmat toji uchun bahsda Sindarov va Gukesh yana gʻolibni aniqlay olmadi

Javohir Sindarov va jahon chempioni Dommaraju Gukesh shaxmat toji uchun kechayotgan bahsning uchinchi partiyasini durang bilan yakunladi. 60 yurishdan soʻng hisob 1,5:1,5 boʻldi.

27-noyabr, 12:50По-русски

Jenevadagi partiya qariyb besh soat davom etdi. Qora donalarda oʻynagan Gukesh debyutdayoq tashabbusni qoʻlga oldi va tayyorgarligi evaziga Sindarovning yurishlariga tezda javob qaytardi. 15 yurishdan soʻng hindistonlik shaxmatchi ikki daqiqadan sal koʻproq vaqt sarflagan boʻlsa, oʻzbekistonlik grossmeyster ancha koʻproq vaqt ishlatdi.

Birinchi vaqt nazorati oldidan Sindarov jiddiy bosim ostida qoldi. 39-yurishga kelib, uning ixtiyorida atigi sakkiz soniya qolgan edi, biroq u Bb4 yurishini topishga ulgurib, bevosita xavfni bartaraf etdi. Qoʻshimcha vaqt berilgach, oʻzbekistonlik shaxmatchi pozitsiyani barqarorlashtirdi va raqibining hujum qilish imkoniyatlarini chekladi.

Ruxlar almashilgach, taxtada qarama-qarshi rangli fillar qoldi, bu esa gʻalaba imkoniyatlarini kamaytirdi. Gukesh kuchaytirish imkoniyatlarini izlashda davom etdi, ammo Sindarov muvozanatni saqlab qoldi. Qirol yurishlari takrorlangach, raqiblar durangga rozi boʻlishdi.

Keyingi partiya 28 noyabr kuni boʻlib oʻtadi. Unda Gukesh oq donalarda oʻynaydi. Bahs 14 ta partiyaga moʻljallangan; agar asosiy bosqich yakunida hisob teng boʻlib qolsa, chempion tay-breykda aniqlanadi.